Bugun biz barchamiz uchun yodda qoladigan, tarixiy sana – “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tashkil topganiga 15 yil to‘lishini nishonlamoqdamiz.
O‘tgan yillar davomida zavodimiz yurtimiz sanoatida o‘zining mustahkam o‘rnini egallab, mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirish yo‘lida jamoamiz fidoyilik bilan mehnat qilib, katta yutuqlarga erishdi.
Albatta, bu muvaffaqiyatlarning barchasi siz — jonkuyar xodimlarimizning mehnati, sadoqati va mas’uliyati samarasidir. Sizlarning fidoyiligingiz tufayli zavodimiz bugun xalqaro bozorlarda ham o‘z o‘rnini topmoqda, yurtimiz qishloq xo‘jaligi va sanoati uchun muhim bo‘lgan sifatli mahsulotlarni yetkazib bermoqda.
Yubiley munosabati bilan barcha xodimlarni, faxriylarimizni va hamkorlarimizni chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga sog‘liq, baxt, ishlaringizda omad va yanada ulkan yutuqlar tilayman.
Ishonchim komilki, biz kelgusida ham birgalikda mehnat qilib, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqamiz.
Hurmat bilan,
“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ
Boshqaruvi raisi To‘lqin Zaripov