Mehnat muhofazasi qoidasi-umr foydasi
Bugun “28-aprel-Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda “Mehnat muhofazasi qoidasi-umr foydasi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Normuratov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Seminar-treningda Qashqadaryo viloyat davlat mehnat inspeksiyasi texnik inspektori Begzod Boboyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan salomatligi va mehnatini muhofaza qilish borasida o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati borasida atroflicha tushuncha berdi.
Trening davomida jamiyat masʼullari tomonidan mehnatni muhofaza qilishda kasaba uyushmalarining roli va ahamiyati, korxonada mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil qilish hamda xavfsiz mehnat madaniyati-zamonaviy ishlab chiqarishning asosi kabi mavzularda maʼruza qilindi.
Undan tashqari jamiyatning tibbiy punkt boshlig‘i Hamza Tangriqulov jarohatlanish holatlarida birinchi yordam ko‘rsatishning muhim ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchi vakillar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Mehnat muhofazasi bilimdoni” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.